Oʻzbekiston: yuqori darajadagi delegatsiyaning Jenevaga tashrifi, Xalqaro savdo markazi rahbari bilan uchrashuv hamda JSTga aʼzolik boʻyicha eng muhim mavzular yuzasidan treninglar

10.08.2021 678

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya 2021-yilning 18-24-iyul kunlari Jenevaga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya rahbarining Xalqaro savdo markazi (XSM) ijrochi direktori Pamela Kok-Hamilton bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi, delegatsiya aʼzolari esa mamlakatning Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ga kirishiga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etdi. Ushbu trening XSM tomonidan Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

JSTga aʼzo boʻlish jarayonida B.Obidov Oʻzbekiston nomidan savdo masalalari boʻyicha bosh muzokarachi boʻlib, bu uning Kok-Hamilton bilan oʻtkazgan dastlabki uchrashuvi hisoblanadi. XSM ijrosidagi mazkur loyiha rejasi 2020-yil avvalida boshlanib, fevral oyida XSMning Oʻzbekistonga missiyasi tashrifi bilan start berilgan edi. Ammo, koronavirus bilan bogʻliq cheklovlar keyingi muzokara safarlariga toʻsqinlik qilgan edi.

Delegatsiya rahbari hamda Kok-Hamilton xonim oʻrtasidagi uchrashuvda asosiy eʼtibor EIning JSTga aʼzo boʻlishga koʻmaklashish dasturiga, Markaziy Osiyoda mintaqalararo savdoni rivojlantirishga qaratilgan Ready4Trade Central Asia loyihasiga qaratilib, shartnoma doirasida erishilgan yutuqlar, mamlakatning tashkilotga aʼzo boʻlish jarayonini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

“Biz kelgusi hamkorligimiz ham shu surʼatlarda davom etishga umid qilamiz, bu esa mamlakatimizning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni samaradorligini yanada oshirishiga ishonaman”, — deb taʼkidladi B.Obidov vazirlik milliy loyiha boʻyicha bugunga qadar erishilgan muvaffaqiyatlardan mamnun ekanini eʼtirof etgan holda.

23-iyul kuni xalqaro savdo sohasiga doir muhim mavzularni oʻz ichiga olgan uchta trening boʻlib oʻtdi. Unda bir qator tegishli davlat organlari, jumladan, OʻzR Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻqqiz nafar yuqori mansabdor shaxslari ishtirok etdi. Birinchi sessiyada XSMning Savdo-sotiqni soddalashtirish va biznes siyosati boʻlimi boshligʻi Rajesh Aggarval global qo’shilgan qiymat zanjirlari (GQQZ) ustunlik qiladigan jahon iqtisodiyotiga integratsiya dinamikasi haqida maʼruza qildi.

Global qo’shilgan qiymat zanjirlari – mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish bir mamlakat va firma bilan chegaralanib qolmasdan, transmilliy korporatsiyalar bilan faollashgan holat boʻlib, ular ishlab chiqarish jarayonining qismlari, maʼlumotlari yoki bosqichlarini optimal tannarx asosida turli nuqtalarda taqsimlaydi.
GQQZning oʻsishi, asosan, axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining keng tarqalishi, transport va aloqa narxining sezilarli tushishi va oʻtgan asr mobaynida savdo tariflarining bosqichma-bosqich pasaygani bilan bevosita bogʻliqdir. GQQZ hozirda butun dunyo boʻylab mustahkamlangan – barcha mamlakatlar bu zanjirda u yoki bu darajada ishtirok etadi.
Erkin savdoga oʻz chegaralarini ochayotgan mamlakat uchun kichik va oʻrta biznes raqobatbardoshligini himoyalash zarurati alohida ahamiyat kasb etadi, chunki bu firmalar mamlakat uchun, xususan, rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti uchun asosiy kalit hisoblanadi. Ular mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ga 50-70 foiz hissa qoʻshishi isbotlangan. Dunyo boʻylab ish oʻrinlarining 70 foizini kichik va oʻrta korxonalar yaratib, ularning deyarli yarmi ayol tadbirkorlar tomonidan boshqariladi, bu esa ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.

Treningda global iqtisodiyotga qadam bosayotgan mamlakatlar oʻzidagi kichik va oʻrta korxonalarning eksport raqobatbardoshligini oshirish uchun savdo siyosati sohalari va vositalarini uygʻunlashtirgan izchil milliy savdo siyosati asoslarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Bu esa raqobatbardosh xizmatlar koʻrsatish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va eksportni ragʻbatlantirish, chegaradan oʻtishni osonlashtirish hamda kapital va investitsiyalardan foydalanishni yaxshilash kabi turli darajadagi qoʻllab-quvvatlash tadbirlar ijrosini nazarda tutadi.
JST Kotibiyatining Tashkilotga aʼzolikni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi direktori Maika Oshikava tomonidan taqdim etilgan ikkinchi trening sessiyasida JSTga kirish muzokaralari tarixi, aʼzolikning mamlakatlarga taʼsiri haqida taqdimot qilindi. Maʼlumotlarga koʻra, yangi aʼzolarning yalpi ichki mahsulot, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar zaxiralari va tovarlar savdosi (eksport va import) JSTga aʼzo boʻlishdan oldingi yillarga nisbatan ham, global baholanganda ham oʻrtacha hisobda tezroq oʻsgan. Mamlakatlar bu oʻsishga tashkilotga qoʻshilishdan oldingi besh yillik davrda global YaIM va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmidan ortda qolgan yoki tenglashgan bir davrda erishgani aytib oʻtildi. Taʼkidlanishicha, JSTga aʼzolikdan keyin koʻplab mamlakatlarda eksport diversifikatsiyasi ham rivojlangan.


JSTga aʼzo boʻlishdan oldin va undan keyin tovarlar eksportining oʻsish surʼati

Oshikava xonim, shuningdek, aʼzolikka kirish jarayonning joriy holati haqida maʼlumot berib Oʻzbekiston hukumatining Ishchi guruhi rejasining keyingi kun tartibini belgiladi.
Xalqaro savdo huquqi va siyosati boʻyicha mutaxassis, Kings & Spalding savdo yuridik firmasining sobiq hamkori va JST Qonun-qoidalarni nazorat qilish boʻlimi sobiq maslahatchisi Rambod Behbudiy tomonidan taqdim etilgan uchinchi trening sessiyasi Xizmatlar savdosi boʻyicha Bosh bitimi (GATS) doirasida xizmatlar sohasiga qoʻshilish mavzusiga bagʻishlandi.

Tadbir mobaynida GATSning oʻziga xos nyuanslari batafsil yoritildi. Jumladan, GATS majburiyatlarini rejalashtirish, JSTga kirayotgan mamlakat ushbu jarayonda oʻz imtiyozlari va talablari boʻyicha manfaatlarini oʻlchashiga oid texnik taqdimot oʻtkazildi. Mashgʻulotlarda tovarlar bilan solishtirganda xizmatlar sohasiga taalluqli asosiy majburiyatlarning ro’yxati oʻrtasida batafsil tafovutlar, aniq majburiyatlar tushuntirilib, GATS boʻyicha istisnolarning alohida mezonlari aniqlab olindi.

Moliyaviy xizmatlar sektori umumiy xizmat koʻrsatish sohasi ostida strategik jihatdan muhim sektorni tashkil qiladi, chunki u boshqa sektorlar va umuman iqtisodiyot uchun asosiy tomir hisoblanadi. Shu bois, bu sohadagi notoʻgʻri qadam iqtisodiyotga tizimli salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun mazkur sektor nisbatan qattiqroq tartibga solinib, boshqa tarmoqlardan tashqaridagi qoidalarga boʻysunadi. JSTning moliyaviy xizmatlar boʻyicha majburiyatlari transchegaraviy prudensial baholash va nizolarni hal qilish jarayoni kabi maxsus majburiyatlar bilan GATS Moliyaviy xizmatlar ilovasiga qoʻshilgan. Treningning soʻnggi qismida ushbu sektorning murakkab jihatlari hamda ilovada koʻrsatilgan qamrov, taʼriflar va istisnolar koʻrib chiqildi.

USHBU MAQOLANI ULASHING

Axborotnomalar

The ITC newsletters keep you up-to-date on events, trainings, and news on trade-related matters and are sent out once a month.

Sign up to our newsletters
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech