Jahon savdosidagi tezkor o‘zgarishlar yangi muammolarni kun tartibiga olib chiqmoqda. Jumladan, xalqaro savdoning jadal sur’atlarda o‘zgarib borayotgan zamonaviy manzarasi JSTning amaldagi bitimlarida to‘liq qamrab olinmagan yangi chaqiriqlarni ilgari surmoqda. O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini muvaffaqiyatli olib borish maqsadida texnik bilim va malakalarga ega kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv kurslari turkumining navbatdagi mashg‘ulotida mamlakat davlat xizmatchilari JST doirasidagi yangi mexanizmlar – qo‘shma tashabbuslar va bayonotlar orqali investitsiyalarni rivojlantirish, xizmatlar savdosini tartibga solish va elektron (raqamli) tijorat qoidalarini shakllantirish bo‘yicha mexanizmlar bilan tanishtirildi.
Bugungi global savdo tizimidagi asosiy tendensiyalar qatorida elektron tijoratning shakllanishi va xizmatlar savdosining keskin o‘sishi ajralib turadi. Shu bilan birga, global qiymat zanjirlarining kengayishi fonida chet el investitsiyalari xalqaro savdoning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylangan.
Bu yo‘nalishlar texnik murakkabligi bilan ajralib turadi va davlatlar ushbu jarayonlarda samarali ishtirok etishi uchun zarur metodik ko‘rsatmalarga muhtoj.
Biroq JSTdagi muzokaralar amaliyotiga xos bo‘lgan konsensus tamoyili tufayli, global savdo uchun dolzarb bo‘lgan, biroq hali to‘liq ko’p tomonlama bitim shaklida konsensusga erishilmagan yo‘nalishlar chetga chiqib qolish xavfi mavjud. Bu esa ularning davlatlarning savdo siyosatida yetarli darajada inobatga olinmasligiga olib keladi.
Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida 2017-yilda JSTga a’zo bir guruh davlatlar bir-biri bilan o‘xshash pozitsiyalarga ega bo‘lgan holda, yangi savdo masalalarini muhokama qilishga xizmat qiluvchi qo‘shma bayonot tashabbuslarini (QBTT) ilgari surdilar. Aynan shu tashabbuslarga bag‘ishlangan bir kunlik onlayn o‘quv mashg‘uloti 2025-yil 15-yanvar kuni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish muzokaralarida ishtirok etayotgan vakillar hamda tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari uchun tashkil etildi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘mak
Mashg‘ulot davomida 2024-yil fevral oyida kuchga kirgan “Rivojlanish maqsadida investitsiyalarni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim”ning tuzilmasi chuqur tahlil qilindi. Ishtirokchilar, shuningdek, raqamli savdo sohasida QBTT’ning qo‘llanish doirasi va xizmatlar savdosini tartibga solish bo‘yicha davlatlar amaliyoti bilan tanishdilar.
Qo‘shma tashabbuslar va bayonotlar ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muhim, chunki ularning institutsional va normativ salohiyati ko‘pincha cheklangan bo‘ladi. Bunday tashabbuslar o‘z mohiyatiga ko‘ra ko‘p tomonlama xarakterga ega bo‘lsa-da, barcha JST a’zolari uchun majburiy emas – ularga ixtiyoriy asosda qo‘shilish mumkin.
Trening davomida quyidagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi:
• JSTga a’zo davlatlardagi xizmatlar savdosini tartibga solish amaliyoti;
• “Rivojlanish maqsadida investitsiyalarni soddalashtirish” to‘g‘risidagi bitim tuzilmasining tahlili;
• Raqamli savdo sohasida QBTT’ning qo‘llanishi.
Treningda O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralaridan – qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot va moliya, kambag'allikni qisqartirish va bandlik, investitsiyalar, sanoat va savdo, adliya vazirliklaridan jami 25 nafar vakil ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining (JIDU) 12 nafar tadqiqotchisi, doktoranti va o‘qituvchisi qatnashdi.
QBTT bo‘yicha ushbu o‘quv mashg‘uloti XSM tomonidan savdo siyosati bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash dasturi doirasida tashkil etilgan navbatdagi mashg‘ulot bo‘ldi. O‘tgan yil davomida ushbu dastur doirasida XSM, JIDU va “JST Kafedralar” dasturi hamkorligida 11 ta kurs o‘tkazildi.
XSM vositalari bilan tanishuv
25–26-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan yakuniy kurs XSM tomonidan ishlab chiqilgan bozor tahlili vositalariga bag‘ishlandi.
Ikki kunlik mashg‘ulotda ishtirokchilar savdo statistikasi tahlili uchun mo‘ljallangan Trade Map onlayn bazasi bilan ishlashni o‘rgandilar. Shuningdek, Market Access Map (Bozorga kirish xaritasi) vositasi orqali kelib chiqish qoidalari, Export Potential Map (Eksport salohiyati xaritasi) orqali eksport imkoniyatlarini aniqlash, va Global Trade Helpdesk orqali bozor tahlilini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar oldilar.
Mazkur kursda vazirliklar, idoralar, boshqa davlat tashkilotlari va Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining savdo huquqi fakulteti talabalari qamrab olindi.
Savdo siyosati bo‘yicha o‘quv dasturi Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida tashkil etildi.