Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishiga tayyorgarlik doirasida Bojxona qoʻmitasi xodimlari tovarlarni xalqaro savdoda tasniflashda qoʻllaniladigan Jahon bojxona tashkilotining Uygʻunlashtirilgan tizimi asosida chuqurlashtirilgan oʻquv mashgʻulotlaridan oʻtdilar.
Jahon bojxona tashkilotining Uygʻunlashtirilgan tizimi JST bitimlarining rasmiy qismi hisoblanmasa-da, xalqaro savdoda tovarlarni tasniflashda muhim oʻrin tutuvchi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN)ning asosini tashkil etadi hamda koʻplab mamlakatlar tomonidan amaliyotda qoʻllaniladi.
Uygʻunlashtirilgan tizim Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, u 5000 dan ortiq tovar pozitsiyalarini oʻz ichiga oladi. Tovarlar olti xonali kodlar asosida tasniflanadi. Ushbu tizim 200 dan ortiq mamlakat va iqtisodiyotlarda bojxona tariflarini shakllantirish, statistika yuritish hamda xalqaro savdo maʼlumotlarini yigʻish uchun qoʻllaniladi.
Uygʻunlashtirilgan tizim bojxona rasmiylashtiruvini aniq, tizimli va shaffof amalga oshirishga xizmat qiladi, shuningdek savdo jarayonlarida maʼlumotlar almashinuvini yengillashtiradi. Bu esa global savdo xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. Mazkur tizimni toʻgʻri qoʻllash JST doirasidagi majburiyatlar va shaffoflik talablariga rioya etishni taʼminlashning muhim sharti boʻlib, shu sababli u Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayonida alohida ahamiyatga ega.
Mazkur oʻquv seminarini oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish boʻyicha muzokarachilar guruhi tomonidan ilgari surilgan boʻlib, uning maqsadi Bojxona qoʻmitasini Uygʻunlashtirilgan tizim va TIF TNni JSTga qoʻshilish hamda keyingi aʼzolik sharoitida amaliy joriy etish masalalari bilan tanishtirishdan iborat boʻldi. Shu munosabat bilan Xalqaro savdo markazi tomonidan besh kunlik oʻquv seminari tashkil etildi. Seminar 2025 yil 17–21 noyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazildi.
Seminar ochilishida Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxuja Mavlonov, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining JST boʻyicha vakili va JSTga qoʻshilish boʻyicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov ishtirok etdilar.
Amaliy muammolarni muhokama qilish
Kirish sessiyasi doirasida Oʻzbekistonning masʼul mutaxassislari tovarlarni tasniflash infratuzilmasi boʻyicha mavjud tajribalarini hamda amaliyotda uchrayotgan asosiy muammolarni taqdim etdilar. Yangi tovar pozitsiyalari va subpozitsiyalarini shakllantirish mezonlari, shuningdek TIF TN kodlarini milliy darajada qoʻllashda inobatga olinishi zarur boʻlgan jihatlar muhokama qilindi.
Oʻquv jarayoni davomida Yevropa Ittifoqining Kombinatsiyalangan nomenklaturasi (Combined Nomenclature, CN) ham koʻrib chiqildi. U Jahon bojxona tashkilotining Uygʻunlashtirilgan tizimiga asoslangan boʻlib, sakkiz xonali kodlash tizimini oʻz ichiga oladi. Ishtirokchilar Uygʻunlashtirilgan tizim va Yevropa Ittifoqi Kombinatsiyalangan nomenklaturasi oʻrtasidagi farqlar, shuningdek Yevropa bozori talablarini hisobga olgan holda qoʻllanilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha elementlar bilan tanishdilar.
Seminar davomida Umumiy talqin qoidalariga alohida eʼtibor qaratildi. Qoidalarning mazmuni va qoʻllanish doirasi batafsil koʻrib chiqilib, “komplektlanmagan”, “tugallanmagan”, “yigʻilgan” va “yigʻilmagan” tovarlarni tasniflash masalalari amaliy misollar asosida tushuntirildi. Shuningdek, ehtiyot qismlar, komponentlar va “yarim tayyor” mahsulotlarni kodlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar doirasida tovarlarni Uygʻunlashtirilgan tizim va TIF TN asosida toʻgʻri tasniflashni taʼminlaydigan amaliy vositalar va mexanizmlar taqdim etildi, shuningdek notoʻgʻri tasniflashning bojxona va savdo oqibatlari tushuntirildi.
Mazkur yuqori darajadagi seminar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayoniga koʻmaklashish loyihasi doirasida oʻtkazilgan soʻnggi oʻquv tadbirlaridan biri boʻldi. Loyiha 2025 yil dekabr oyida yakunlandi.