Texnik mutaxassislar fitosanitar xavfni tahlil qilish, pestitsidlardan foydalanish qoidalari bilan tanishdilar
Savdoning kamdan-kam sohalari oziq-ovqat mahsulotlari importi qoidalari kabi murakkab, ammo iste'molchilar huquqlarini himoya qilish uchun muhim ahamiyatga egadir. Standartlar va talablar nozik muvozanatni - boshqa mamlakatlar eksportchilariga zarar yetkazuvchi haddan tashqari proteksionizmga yo’l qo’ymagan holda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab berishi kerak.
Insonlar, hayvonlar va o’simliklar uchun standartlarni savdoga zarar yetkazmagan holda ishlab chiqish qoidalari JSTning sanitariya va fitosanitariya choralarini qo'llash to'g'risidagi kelishuvida bayon etib berilgan. Ular, shuningdek, O'simliklarni himoya qilish bo'yicha xalqaro konvensiyada ko’zda tutilgan xalqaro standartlarga mos kelishi kerak.
Oʻzbekistonlik texnik ekspertlar mamlakat JSTga aʼzo boʻlganida uning qoidalarini tadbiq qila olishlari uchun ushbu talablarning asosiy jihatlari boʻyicha amaliyot o’tadilar.
Toshkentda bo’lib o’tgan 3 ta seminar “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga ko‘maklashish” loyihasi doirasida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko’magida tashkil etildi.
Ikkita seminar fitosanitar xavfini tahlil qilish (12-16-iyun kunlari) va pestitsidlardan foydalanish (19-23-iyun kunlari) mavzulariga bag’ishlandi. Seminarlarda O'zbekistondan eksport qilish uchun jozibador bozor bo'lgan Yevropa Ittifoqining qoidalari va amaliyoti diqqat markazida bo’ldi.
Seminarlarda asosiy e’tibor guruhlarda amaliy ishlashga qaratildi. Fitosanitar xavfni tahlil qilish yordamida ishtirokchilar qovun va olcha pashshalari va anor mevasi zararkunandalari kabi zararkunandalar populyatsiyasini baholash uchun ssenariylarni ishlab chiqdilar. Shuningdek, ular pestitsidlarni ro'yxatdan o'tkazish tartib-taomillari va ularni sotish qoidalarini o'rgandilar.
Shaffoflik asosiy ahamiyatga ega
Uchinchi seminarda (20-24-iyun kunlari) SFS Milliy axborot almashish markazi (NEP) va Milliy xabar berish vakolatli organi (NNA) qanday tashkil etilishi va boshqarilishi ko’rsatib berildi. Bu tashkilotlarning tashkil etilishi JST a'zolari uchun majburiydir va ular SFS choralarining shaffofligini ta'minlaydi. NNA boshqa mamlakatlarni SFS choralariga kiritilgan o'zgarishlar haqida xabardor qiladi; NEP boshqa JST a'zolarining SFS choralari bo'yicha bo'lishi mumkin bo'lgan savollariga javob beradi.
Sessiyada ishtirokchilar, shuningdek, JSTning SFS bo'yicha chora-tadbirlarni raqamli kuzatib borish imkonini beradigan yangi ePing platformasi bilan tanishdilar.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo’mitasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi kabi O‘zbekistonning SFS masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralarining 38 nafar mansabdor shaxsi seminarlarda o’z bilimlarini oshirdi.
Loyiha haqida
XSM Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish loyihasini amalga oshiruvchi hamkori hisoblanadi. Besh yillik tashabbus O‘zbekistonning JSTdagi muzokaralarini qo‘llab-quvvatlaydi va uning qoidalarini amalga oshirish uchun texnik ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam beradi. Loyihaning yakuniy maqsadi mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo'shishdan iboratdir.