Oʻzbekiston: mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ga aʼzoligini qoʻllab-quvvatlash

14.07.2020 805

Pandemiya davrida Oʻzbekistonning JST aʼzoligiga kirish jarayoniga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakatlar jadal davom etmoqda, deb xabar beradi ITC News.

Maslahat xizmati – birlamchi yordam

Covid-19 tufayli hukmron vaziyatga qaramay, Oʻzbekistonning JST aʼzosiga aylanishini qoʻllab-quvvatlash yoʻlida belgilangan chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020-yil aprel oyidan buyon masala yuzasidan texnik tajriba almashish boʻyicha bir qator vebinarlar muvaffaqiyatli tashkil etildi.

Maʼlumot va bilimlar oqimiga yoʻl ochgan mazkur treninglar Milliy qonunchilikning JST tamoyillari va ilgʻor tajribalar bilan muvofiqligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Savdo-sotiqdagi texnik toʻsiqlar (SSTT) hamda Sanitariya va fitosanitariya me’yorlari (SFS)ga oid sessiyalar davomida vebinar qatnashchilari standartlash, hujjatlarni ishlab chiqish, sertifikatlash, tekshiruv tashriflarini oʻtkazish va qonunlar ijrosini taʼminlash boʻyicha oʻrnatilgan xalqaro qoidalar va tamoyillar bilan tanishdi.

Tadbirlar mobaynida Xalqaro Savdo Markazi (XSM) ekspertlari tomonidan Xalqaro Standartlashtirish Tashkiloti (ISO)ning maqbul amaliyotlari, ixtiyoriy va majburiy standartlashning farqlari tushuntirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi kabi tashkilotlarning vakillari bilan SSTT va SFS masalalari boʻyicha muhokamalar uyushtirildi.

Dalillarga asoslangan ishchi sessiyalarda xizmatlar va mahsulotlarni standartlash, texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlash va baholashga oid hujjat loyihalari ishlab chiqilib, ularning JST qoidalariga hamda ilgʻor xalqaro tajribalarga muvofiqligi boʻyicha fikr almashildi.

Kelgusi vazifalar

Ayni damda, mamlakatda Milliy soʻrov punktlari va axborot tizimini joriy etish, shu bilan birga, muvofiqlashtirish boʻyicha Milliy qoʻmita faoliyatini yoʻlga qoʻyish ustida yoʻriqnomalar tayyorlanmoqda. Galdagi interfaol vebinar sessiyalari 2020-yilning avgust oyida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

Kelishuvlarga binoan, XSM Oʻzbekistonga intellektual mulk huquqlariga doir milliy qonunchilikni qayta koʻrib chiqish, uning JST qoidalari va sohaga taalluqli xalqaro konvensiyalar bilan uygʻunligini taʼminlash yuzasidan koʻmak koʻrsatishda davom etadi.

Oʻzbekiston: JSTga aʼzolik jarayoni

Yuqoridagi tashabbuslardan asosiy maqsad Oʻzbekistonning JST tarkibiga kirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi. Muqaddam olib qaraganda, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni 1994 yilda boshlangan boʻlsa-da, oʻsha davrdagi “oʻzini oʻzi taʼminlash” siyosati tufayli 2005 yilga kelib “muzlatib qoʻyilgan” edi. Oradan oʻn yildan oshiq vaqt oʻtgach – 2018-yilga kelib, Oʻzbekiston savdoni liberallashtirish va ichki savdo rejimini oʻzgarishga qaratilgan islohotlar doirasida JSTga aʼzo boʻlish uchun rasmiy murojaatnoma yubordi. Shundan soʻng, 2019-yil iyulida Oʻzbekistonning tashqi savdo rejimi toʻgʻrisidagi yangilangan Memorandum JSTga koʻrib chiqish taqdim etildi.

Shular qatorida, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruh faoliyatini qayta tiklash uchun kerakli hujjatlar toʻplami, jumladan tovar va xizmatlar boʻyicha boshlangʻich takliflar JST Kotibiyatiga topshirildi. XSMning texnik maslahatlari bilan, 2020-yil 7-iyul kuni Oʻzbekistonning JSTga kirishi boʻyicha Ishchi guruhining 4-yigʻilishi muvaffaqiyat bilan oʻtkazildi. Ushbu tadbir oʻn besh yillik “boshi berk“ muzokaralarga yakun yasadi, deb aytish mumkin.

Eslatib oʻtish joizki, Oʻzbekistonning JSTga toʻlaqonli aʼzo boʻlish jarayoni XSM tomonidan besh yillik loyiha doirasida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan mazkur loyihaning asosiy maqsadi Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish hamda mamlakatda JST qoidalariga mos savdo rejimini oʻrnatishga koʻmaklashishdan iborat.

USHBU MAQOLANI ULASHING

Axborotnomalar

The ITC newsletters keep you up-to-date on events, trainings, and news on trade-related matters and are sent out once a month.

Sign up to our newsletters
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech