TRIPS bitimi: Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi yana bir pogʻona zabt etildi

10.12.2020 726

Kichik va oʻrta korxonalarning innovatsiya va texnologiyalarini ishonchli intellektual mulk (IM) huquqiy rejimi ostida himoya qilish rivojlanishning muhim omili hisoblanadi. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ga kirish jarayonida Intellektual mulk huquqining savdo jihatlari boʻyicha bitimi (TRIPS)ga muvofiqlik darajasini oʻrganib chiqmoqda.

TRIPS bitimi:

- Intellektual mulk huquqining bir nechta yoʻnalishlari uchun himoyaning minimal standartlarini belgilab beradi.

- Intellektual mulkka oid fuqarolik, jinoiy va chegaraviy huquqni muhofaza qilish boʻyicha batafsil qoidalarni tartibga soladi.

- Nizolarni qonuniy hal etish uchun dasturilamal boʻladi.

JSTga aʼzo davlatlar TRIPS qoidalarini huquq tizimi va amaliyoti doirasida joriy etishi mumkin. Oʻzbekiston rasmiylari uchun Bitimning barcha nozik qirralarini oʻrganib chiqish aʼzolik muzokaralarida birlamchi ahamiyatga ega. Shu bois, Oʻzbekiston tomoni muzokarachilarining sohadagi bilimlarini oshirish maqsadida Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) va Xalqaro Savdo Markazi (XSM) hamkorligida Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi doirasida TRIPSni oʻrganishga bagʻishlangan maxsus seminar tashkil etdi.

Seminar davomida intellektual mulk huquqi boʻyicha xorijiy ekspertlar tomonidan ishtirokchilarga TRIPSga oid maʼlumotlar real misollar va yaxshi amaliy tajribalar asosida tushuntirildi. Xususan, tadbirda quyidagi mavzular atroflicha muhokama qilindi:

  • TRIPSning patentlar, mualliflik huquqi, tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlar boʻyicha qoidalari, shartnomada koʻzda tutilgan siyosiy muhitga moslashish.
  • Oʻzbekistonning intellektual mulk huquqi rejimi va qonunchiligini oʻrganish.
  • WIPOning Oʻzbekistonda intellektual mulk huquqi milliy strategiyasini ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha dasturi.

Seminar ishtirokchilari Intellektual mulk huquqi rejimining milliy jihatlari, Oʻzbekistonda intellektual mulkni himoya qilish tizimining joriy normalari, JSTga aʼzo boʻlish uchun tegishli qonun va meʼyoriy hujjatlardagi soʻnggi oʻzgartirishlar bilan tanishtirildi. Tadbir, shuningdek, WIPO koʻmagida Oʻzbekiston uchun intellektual mulk strategiyasini ishlab chiqish va erishilgan yutuqlarni muhokama qilish imkoniyatini yaratdi. Bu esa mamlakatning intellektual mulk huquqi milliy rejimini mustahkamlashni qoʻllab-quvvatlash borasidagi muvaffaqiyatli saʼy-harakatlarga misol boʻladi.

Taʼkidlash joizki, seminardagi OʻzR Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Intellektual mulk agentligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi kabi koʻplab davlat organlari vakillarining ishtiroki masalaga yaxlit yondashuvni taʼminladi.

Oʻzbekistonning intellektual mulk boʻyicha qonunlarining TRIPS bitimiga muvofiqligi nafaqat mamlakatning JSTga aʼzo boʻlishida hal qiluvchi rol oʻynaydi, balki ijodiy sohalar, farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi va/yoki yuqori texnologiyalar kabi muhim tarmoqlarni xalqaro darajadagi intellektual mulk huquqi bilan himoyalash orqali iqtisodiy rivojlanishiga zamin yaratadi.

USHBU MAQOLANI ULASHING

Axborotnomalar

The ITC newsletters keep you up-to-date on events, trainings, and news on trade-related matters and are sent out once a month.

Sign up to our newsletters
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech