Oʻzbekistonning bosh muzokarachisi janob Azizbek Urunov boshchiligidagi 42 kishidan iborat delegatsiya 2023-yil 16-noyabr kuni Jahon savdo tashkilotida Ishchi guruh (IG)ning 7-yigʻilishida ishtirok etish uchun Jeneva shahriga joʻnab ketdi.
Bu Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlishiga qaratilgan joriy yildagi ikkinchi yigʻilish boʻlib, JSTga a’zo boʻlish yoʻlidagi yangilangan urinishdan dalolat beradi, chunki mamlakat JST doirasida tashkil etilgan koʻp tomonlama savdo tizimiga qoʻshilish niyatiga alohida e’tibor qaratmoqda. 6-IG yigʻilishi 2023 yilning mart oyida boʻlib oʻtgan edi.
IG yigʻilishlari JSTga a'zo boʻlish yoʻlidagi asosiy bosqichlardan hisoblanadi. Ushbu yigʻilishlarda a'zo boʻlayotgan davlatlar JSTga a'zo boʻlishga asos boʻladigan savdo siyosati rejimi shartlarini muhokama qiladilar. Muzokaralarning ushbu koʻp tomonlama yoʻli bozorga kirishning ochiqligi darajasini muhokama qilish uchun ikki tomonlama darajada boʻlib oʻtadigan uchrashuvlar bilan qoʻllab-quvvatlanadi.
Bozorga kirish boʻyicha majburiyatlar roʻyxati Oʻzbekiston bozoriga import qilinadigan xorijiy tovarlar va xizmatlar uchun shartlarni belgilaydi. Shu tarzda shaffof va prognoz qilinadigan bozor sharoitlari yaratiladi. Bu mamlakatning iqtisodiy muhitiga boʻlgan ishonchni oshirishga yordam beradi. Oʻz navbatida, bu oʻsish va taraqqiyotni kuchaytirish uchun savdo va sarmoya oqimlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Xalqaro savdo markazi (XSM) muzokaralarning o’tkazilishiga ko’maklashdi
XSM 7-IG yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrishda yordam berdi. U avvalgi IG yigʻilishida JST a'zolari tomonidan koʻtarilgan savollarga javoblarni tayyorlashga koʻmaklashdi. Bu navbatdagi IG yigʻilishi kun tartibi uchun asos boʻldi. XSM, shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasining bir qancha rasmiy vakillarining koʻp tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar raundlarida ishtirok etishiga koʻmaklashdi va IG yigʻilishini oʻtkazish doirasida rus tiliga tarjima xizmatlarini moliyalashtirdi.
Delegatsiyaning Jenevaga tashrifi janob Urunovga IG yigʻilishidan keyin XSM ijrochi direktori Pamela Kok-Hamilton xonim bilan uchrashish imkoniyatini berdi. Ular Oʻzbekistonga kelajakda koʻrsatiladigan yordam ehtiyojlarini muhokama qildilar. XSM Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga texnik va salohiyatni oshirish boʻyicha koʻplab tadbirlar orqali yordam bermoqda. Ushbu tadbirlar Yevropa Ittifoqi tomonidan “Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi doirasida moliyalashtiriladi.
XSM, shuningdek, ushbu yigʻilish oldidan Oʻzbekistonning muzokaralar guruhiga texnik bilimlar nuqtai nazaridan ham koʻmaklashdi. Oktabr oyida ikki nafar mutaxassis muzokarachilarni tovarlar hamda xizmatlar bozorlariga kirish boʻyicha muzokaralarga tayyorlashga yordam berish uchun Toshkentga yoʻl oldi. Bu guruhni muzokaralarning ushbu muhim tarkibiy qismiga tayyorgarlik qilish uchun zarur boʻlgan bilimlar bilan ta’minladi.