O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lgach, potensial eksport bozorlarining talablari va xalqaro standartlariga javob berishi kerak bo‘ladi.
JSTning Sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlarini qo‘llash to‘g‘risidagi (SFS) bitimi inson, hayvon va o‘simliklar salomatligini himoya qilish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga nisbatan qoidalar va standartlarni qanday o‘rnatish va qo‘llash tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST) talablarining ushbu murakkab yo‘nalishini texnik bilimlarni rivojlantirishning ustuvor sohasi sifatida belgilab olgan.
Shu maqsadda sentabr oyida to‘rt nafar mutasaddilar SFS bitimini amalda qo‘llash bo‘yicha Latviyada besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi. Latviya Yevropa Ittifoqi a’zosi bo‘lib, mutasaddilar u misolida Yevropa Ittifoqining SFS sohasida xavflarni nazorat qilish tizimi bilan ham tanishdi.
O‘quv mashg‘ulotlarida mutaxassislar texnik tajribalarni o‘rganish bilan birga, Latviyaning oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish va nazorat qilish tizimi institutlari bilan ham tanishdi. O‘quv mashg‘ulotlarini Latviya oziq-ovqat va veterinariya xizmati (FVS) o‘tkazdi.
Bu tajriba O‘zbekistonda qonunchilik faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. O‘quv yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash qoidalarini o‘z ichiga olgan qonun loyihasi takomillashtirildi. Bunda O‘zbekiston mutasaddilari tomonidan o‘rganilgan Latviya tajribasi, ularning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning sohaviy muassasalari tomonidan faol qo‘llaniladi.
Institutlar va vositalar
O‘quv mashg‘ulotlarining birinchi kunida Latviya oziq-ovqat va veterinariya xizmati (FVS)ning tuzilishi, faoliyati va resurslari bilan tanishtirildi. Yevropa Ittifoqiga chorvachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha umumiy talablar mavzusiga bag‘ishlangan alohida mashg‘ulot ham o‘tkazildi.
Ikkinchi kuni Latviyaning aholi va atrof-muhit salomatligi, oziq-ovqat, baliqchilik va veterinariya bo‘yicha milliy referens laboratoriyasi - BIOR ilmiy institutiga tashrif buyurishdi.
Keyingi kunlarda delegatsiya Riga portidagi chegara nazorati postiga tashrif buyurdi. Shuningdek, ular Yevropa Ittifoqining hayvonlar va o‘simliklar salomatligini sertifikatlash bo‘yicha onlayn platformasi TRACES va Oziq-ovqat va ozuqalar bo‘yicha tezkor ogohlantirish tizimi (RASFF) bilan tanishdilar.
RASFF oziq-ovqat zanjiridan xavf aholi salomatligiga tahdid solayotganda tezkor chora ko‘rishni ta’minlaydigan vositadir. TRACES - bu Yevropa Ittifoqining platformasi bo‘lib, u yerda zarur sertifikatlar beriladi va Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiqlik kuzatiladi. Tizim o‘zining samaradorligi, shaffofligi va kuzatuvchanligi bilan yuqori baholangan va allaqachon 90 mamlakatda qo‘llaniladi.
Ta’lim islohotlarni amalga oshirish yo‘lida
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida SFS bilan bog‘liq asosiy institutlar vakillari ishtirok etdi:
- Oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qiluvchi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi;
- O‘simliklarni himoya qilish va karantini agentligi,
- Hayvonlar salomatligi va veterinariya masalalariga mas’ul Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi;
- O‘zbekiston importi va eksporti uchun mas’ul bo‘lgan Bojxona qo‘mitasi.
Safar davomida o‘quv mashg‘ulotlarda olingan bilim va ko‘nikmalar O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha islohotlarni shakllantirishga yordam berdi, dedi Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini muvofiqlashtiruvchi yetakchi institut Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakili.
Ikki mamlakatning umumiy tarixiy tajribasini hisobga olgan holda, yangi sharoitlarda Latviya tizimining rivojlanish xususiyatlari alohida qiziqish uyg‘otdi va O‘zbekiston uchun foydali misol bo‘lishi mumkin.
BIOR institutiga tashrif O‘zbekiston mutaxassislarida o‘chmas taassurot qoldirdi, ular uni O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyalarini takomillashtirish uchun namuna deb atadilar.
23-27 sentyabr kunlari Latviya poytaxti Rigada bo‘lib o‘tgan o‘quv-mashg‘ulot safari Xalqaro savdo markazi (XSM) tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga ko‘maklashish” loyihasi doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining so‘roviga binoan tashkil etildi.