Oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlash: Oʻzbekiston iqtisodiyotini yuksaltirishda Jahon Savdo Tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya me’yorlari toʻg’risidagi bitimining oʻrni

18.04.2021 614

Jahon Savdo Tashkiloti (JST)ning toʻlaqonli aʼzosiga aylanish uchun Oʻzbekiston tegishli tartib-qoidalarini Tashkilotda amaldagi hujjatlarga, jumladan, Sanitariya va fitosanitariya me’yorlari toʻg’risidagi bitimi (SFS)ga muvofiqlashtirishi talab etiladi. SFS Bitimi isteʼmolchilarni “xavfsiz” oziq-ovqat bilan taʼminlashga qaratilgan boʻlib, Hukumatlar uchun oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, hayvonlar va oʻsimliklar salomatligi choralarini qoʻllash boʻyicha JST qoidalarini belgilab beradi.

Mazkur Bitim milliy SFS choralarining qonuniy asosga egaligini, JST aʼzolari tomonidan kelishilgan qoidalar va mezonlarga muvofiqligini taʼminlaydi. Shuningdek, Bitim sogʻliqni saqlash va xavfsizlik qoidalari suiisteʼmol qilinishini oldini oladi.

Oʻzbekiston Hukumati vakillari va texnik tartibot organlariga SFS Bitimi toʻgʻrisida kengroq tushuncha taqdim etish maqsadida Yevropa Ittifoqining “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi va Xalqaro savdo markazi tomonidan 2020-yil noyabr oyidan 2021-yilning fevraliga qadar bir qator vebinar treninglar tashkil etildi.

Tegishli davlat idoralari, jumladan Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi (Oʻzdavkarantin) vakillari ishtirok etgan mazkur vebinarlarda Fitosanitar xavfini tahlil qilish (FXTQ)ga doir xalqaro koʻrsatma va metodologiyalar oʻrganildi.

Tadbirlar davomida Milliy qonunchilikni takomillashtirish va toʻldirishga doir aniq tavsiyalar taqdim etilib, xorijiy hamkorlar tomonidan oʻsimliklar salomatligi/karantini boʻyicha mavjud qonunchilikni qayta koʻrib chiqishda texnik koʻmak koʻrsatishga kelishib olindi.

Mazkur onlayn oʻquv dasturlarida fitosanitariya (metilbromidning muqobil fumigantlarini zararsizlantirish va qoʻllash, organik qishloq xoʻjaligida fitosanitariya tozalash usullari) va uni yanada rivojlantirish masalasiga ham alohida urgʻu berildi.

Turkum treninglar yordamida ishtirokchilar oziq-ovqat xavfsizligini SFS Bimtimiga muvofiq taʼminlash chora-tadbirlari va xalqaro talablarni qoʻllashning oʻziga xos jihatlari toʻgʻrisida bilimlarini oshirdi. Darslar yakunida qatnashchilar tomonidan vebinarlarning amaliy qiymati e’tirof etilib, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, hayvonlar va oʻsimliklar sogʻligʻini saqlash boʻyicha SFS Bitimi chora-tadbirlarini qoʻllash tashqi savdo amaliyotlari va isteʼmolchilar ishonchini yuksaltirib, Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirishga xizmat qiladi. Shu kabi, karantin choralarini tartibga solish orqali mamlakat ichki bozorlariga aholi salomatligi va xavfsizligiga tahdid soladigan zararli isteʼmol mahsulotlari kirib kelishi qisqartiriladi.

USHBU MAQOLANI ULASHING

Axborotnomalar

The ITC newsletters keep you up-to-date on events, trainings, and news on trade-related matters and are sent out once a month.

Sign up to our newsletters
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech