JSTga a’zo bo‘lishning O‘zbekiston xususiy sektorining biznes muhitiga ta’siri haqida ma’lumot beruvchi seminar bo‘lib o‘tdi

24.09.2021 690

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishining amalga oshishi yaqinlashar ekan, xususiy sektor asosiy manfaatdor tomonlardan biri ekanini unutmaslik darkor. JSTga a’zo mamlakatning savdo siyosati JST qoidalariga asoslangan tizimga moslashtiriladi, bu esa tijorat operatsiyalari uchun yanada barqarorlikni ta’minlaydi. Bu ishbilarmonlik muhitini yanada istiqbolli qiladi, bu orqali biznes doiralarining, xususan, investorlarning ishonchini mustahkamlaydi hamda bozor muhitida barqarorlik va o‘sish uchun sharoit yaratadi. Bundan tashqari, global iqtisodiyotga integratsiyalashuv global ta’minot zanjirlarida ishtirok etishni osonlashtirishi mumkin, bu esa mamlakat ishlab chiqaruvchilari va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning bozorga yanada xavfsiz kirishini va barqaror yuqori daromad olishini ta’minlaydi. Bu ayniqsa mamlakatdagi kichik va o‘rta korxonalar (KO‘K) uchun foydali bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish harakatini qo‘llab-quvvatlash salohiyatini oshirish sa’y-harakatlari ko‘mak berish maqsadida Xalqaro savdo markazi (XSM) 17-avgust kuni Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo’lishi jarayoniga  ko’maklashish” loyihasi doirasida xususiy sektorning manfaatdor tomonlari uchun virtual seminar tashkil qildi. XSM bu loyihada ijrochi hamkor sifatida ishtirok etadi. Mazkur seminar strategik nuqtayi nazardan muhim ushbu manfaatdor tomonlar hamjamiyatining xabardorligini oshirish hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish istagini qo‘llab-quvvatlash maqsadida loyiha doirasida xususiy sektorga mo‘ljallab o‘tkazilgan birinchi tadbir bo‘ldi. Seminar O‘zbekistonning muzokaralar olib borishdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, rasmiylarni mamlakat savdo siyosatini JST qoidalariga moslashtirish uchun zarur bilimlar bilan ta’minlash maqsadida JST qoidalari haqidagi tushunchalarini oshirish uchun birinchi navbatda siyosatchilarga qaratilgan bir qator treninglarning davomi bo‘ldi.

Seminar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining JSTga a’zolik masalalari bo‘yicha departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Farrux Zokirovning O‘zbekistonda valyuta ayirboshlash, savdo va soliqqa tortish sohasidagi siyosatda shu paytgacha amalga oshirilgan o‘zgarishlar singari umumiy makroiqtisodiy rivojlanishga qaratilgan islohotlarga bag‘ishlangan brifingi bilan boshlandi. Rasmiy muzokara va kelishuvlar jarayonining nozik jihatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Maxsus seminarda JSTga a’zo bo‘lishning mamlakat uchun foydalari va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolari aytib o‘tildi. Qoʻshni Qozogʻistonda xususiy sektorning JSTga aʼzo boʻlgan paytdagi amaliy tajribasiga bagʻishlangan axborot almashish sessiyasi seminarni yanada toʻldirdi. Qozog‘istonning 1996-yilda boshlangan qo‘shilish jarayoni 2015-yilda yakunlandi va bu jarayonda biznes muhitini yaxshilashga yordam bergan ellikdan ortiq qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.

Seminar yakunida tashkil etilgan savol-javoblar sessiyasi xususiy sektor vakillariga savollar va muammolarni bildirish va kelgusida xabardorlikni oshirish chora-tadbirlari nuqtayi nazaridan ularning ehtiyojlarini aniqlash uchun keng imkoniyat yaratdi.

JSTga a’zolik shaffof qoidalar, adolatli raqobat va savdo nizolarini mustaqil hal qilish orqali yanada istiqbolli va barqaror ishbilarmonlik muhitini yaratishga yordam berishi bilan birga, ishbilarmon hamjamiyat uchun boshqa muhim afzalliklarga ham urg‘u beradi, xususan:

  • JSTga a’zolik biznes, ayniqsa eksportga yo‘naltirilgan korxonalar uchun bozorga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bunga barcha kompaniyalar uchun JSTga a’zo mamlakatlar bozorlariga teng huquqda kirish imkoniyatini beruvchi eng k’p qulaylik (EKQ) tamoyili, shuningdek, nisbatan past bo‘lgan tariflar, import cheklovlari va boshqa tartibga soluvchi cheklovlar yordam beradi.
  • Savdo siyosatini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, umuman olganda, biznes yuritish xarajatlarini nafaqat past tariflar, balki pastroq talablar (xalqaro standartlarga muvofiq) va tartib-qoidalar orqali kamaytirishni ta’minlaydi va shu bilan samaradorlikni oshirishga hamda global qo’shilgan qiymat zanjiriga integratsiyalashuvga yordam beradi.
  • Yanada muhimi, qonun hujjatlarini JST qoidalariga moslashtirish bozorga ishonchni oshiradi. Bu ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam beradi va shu tariqa xorijiy investorlar uchun mamlakatga sarmoya kiritishni yanada jozibador qiladi, biznes imkoniyatlari va ish joylarini ta’minlanadi (1-rasmga qarang).
  • JSTga a’zolik yangi savdo qoidalari bo‘yicha muzokaralarda yoki mavjudlarini o‘zgartirishda ishtirok etayotgan mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini himoya qiladi, ya’ni JSTda qarorlar konsensus tartibi asosida qabul qilinishi sababli a’zolarning manfaatlari hisobga olinadi.

1-rasm. Kambodja va Vyetnamga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimining ular JSTga a’zo bo‘lganidan keyingi o‘zgarishi

Manba: XSM, UNCTAD’ning 2005 va 2013-yillardagi Butunjahon investitsiya hisobotidagi ma’lumotlar asosida tuzilgan.

Ushbu omillar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi (2-rasmga qarang). Shu bilan birga, imtiyozlar biznes hamjamiyatiga o‘zining samarali faoliyatini eng kam cheklangan muhitda amalga oshirishga imkon beradi va shu tariqa, umuman olganda, barcha fuqarolar uchun munosib turmush kechirish xarajatlarini pasaytirishga va turmush farovonligini oshirishga hissa qo‘shadi.

Importdagi raqobat savdoni liberallashtirish jarayonidan kelib chiqadigan qiyinchilik sifatida qabul qilinadi. Biroq JSTga kirish yuzasidan muzokaralar jarayoni kontekstida mamlakat ayniqsa nozik va ko‘p mehnat talab qilinadigan sektorlar uchun import raqobatining ta’sirini yumshatish uchun siyosat qoidalarini muhokama qilishi mumkin. Seminarda, shuningdek, savdo siyosati vositalari, xususan, infratuzilma va logistikani qo‘llab-quvvatlash, savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish hamda moddiy resurslar va kapitaldan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash sohalarida xususiy sektorning raqobatbardoshligini oshirish strategiyalari belgilab olindi. Umuman olganda, savdo ochiqligi darajasining oshishidan olinadigan manfaat undan kelib chiqadigan yo‘qotishlarni qoplay oladi yoki undan ham ortiq miqdorni tashkil etadi.

Seminarda davlat-xususiy sektor o‘rtasidagi samarali va sog‘lom muloqot savdo integratsiyasi jarayonidan kelib chiqadigan ichki tartibga solish islohotlarini o‘tkazishning eng yaxshi yo‘l va vositalari atrofida milliy konsensusga erishilishini ta’minlashning asosiy omili ekani ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan har ikki tomon uchun ham yetakchilik, inklyuziv vakillik hamda faol ishtirok shaffoflikda hamda qarorlar qabul qilishda qatnashish uchun muhim ahamiyatga ega.

Kelajakda xabardorlik darajasini oshirish bo‘yicha seminarlar xususiy sektorni subsidiyalar, savdo-sotiqdagi texnik to‘siqlar (SSTT), sanitariya va fitosanitariya me’yorlari(SFS), xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi kabi asosiy texnik sohalarda JST qonun va qoidalari haqida xabardor qilishga qaratiladi.

Seminarda JSTga aʼzolik boʻyicha muzokaralarda hukumat nomidan asosiy organ bo‘lgan ITSVdan tashqari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillari ishtirok etdi. Tadbirda xususiy sektordan Savdo-sanoat palatasi, bir qator tarmoq xo‘jalik birlashmalari, O‘zbekistondagi eksport-import korxonalari ham qatnashdi.

USHBU MAQOLANI ULASHING

Axborotnomalar

The ITC newsletters keep you up-to-date on events, trainings, and news on trade-related matters and are sent out once a month.

Sign up to our newsletters
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech