Oʻzbekiston JST ga aʼzo boʻlish yoʻlida: Jahon savdo tashkilotida davlat savdo korxonalarining maqomi

05.10.2020 874

Xalqaro Savdo Markazi (XSM) tomonidan tashkillashtirilgan seminarlarda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralar salohiyatini oshirishga koʻmaklashish maqsadida davlat savdo korxonalari boʻyicha oʻrnatilgan qoidalar oʻrganib chiqildi.

Davlat savdo korxonalari siyosati Jahon Savdo Tashkiloti (JST) qoidalari asosida belgilangan tartibga solish muhitining ajralmas qismidir. Mazkur siyosat raqobatli bozor faoliyatiga sezilarli taʼsir koʻrsatish kuchiga ega. Ular xalqaro savdoda ayrim nomuvofiq sharoitlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan usullar bilan yuritilish xavfi mavjudligi sababli JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralar fonida Davlat savdo korxonalari masalasi bilan bogʻliq qoidalar yuqori darajada ahamiyat kasb etadi.

Shu oyda JST Kotibiyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi nomidan qatnashgan Oʻzbekiston hukumati vakillari uchun ikkita seminar oʻtkazildi.

Seminar ishtirokchilari JSTning asosiy qoidalari va Davlat savdo korxonalari (DSK) faoliyatining asosiy tamoyillari, shuningdek, DSK boʻyicha asosiy qomusiy hujjatlar bilan tanishtirildi. DSK sifatida tasniflanadigan korxonalarning taʼrifi va turlari batafsil tushuntirildi. Treningda toʻrtta asosiy tamoyilni oʻz ichiga olgan umumiy qoidalar keltirib oʻtildi: diskriminatsiya qilmaslik, import/eksportda miqdoriy cheklovlar kiritishga yoʻl qoʻymaslik, tarif boʻyicha imtiyozlar qiymatini oshirmaslik va shaffoflik.

Ishtirokchilarga davlat xaridlari bilan bogʻliq asosiy mustasno qoidalar tushuntirib berildi. DSK ning faoliyati JST tomonidan taqiqlanmagan boʻlsa-da, aʼzo boʻlish jarayonida JST qoidalari va zimmasiga olingan majburiyatlarga rioya qilish sharti bayon etildi.

Tadbir davomida JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga daxldor boʻlgan DSSKlar haqida xabardor qilish boʻyicha JST talablari ham koʻrib chiqildi.

Bunday seminarlar DSK boʻyicha belgilangan qoidalarni anglash bilan bogʻliq boʻshliqlarni toʻldirishga koʻmak beradi va ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama muzokaralarning samarali kechishiga turtki beradi.

Xalqaro savdo markazi mazkur treningni “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi ijrosi doirasida tashkil etdi. Bu Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan moliyalashtirilgan besh yillik tashabbus boʻlib, mamlakatning tashkilotga aʼzo boʻlish jarayonini qoʻllab-quvvatlash orqali iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yuzasidan Oʻzbekistonning rivojlanish maqsadlarini qoʻllab-quvvatlashni koʻzda tutadi.

USHBU MAQOLANI ULASHING

Axborotnomalar

The ITC newsletters keep you up-to-date on events, trainings, and news on trade-related matters and are sent out once a month.

Sign up to our newsletters
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech