Ishonchli intellektual mulk (IM) rejimi innovatsiyalarga asoslangan rivojlanishning asosiy kalitidir. Intellektual mulk huquqi (IMH) samarali himoya qilingan mamlakatda innovatorlar oʻz faoliyatidan haqli foyda olishi taʼminlanadi. Bu esa innovatsion ishlanmalar rivojiga, texnologik nou-xaularni yaratilishi va ishlab chiqaruvchilar hamda isteʼmolchilar o‘rtasida keng tarqalishiga, pirovardida ijtimoiy va iqtisodiy farovonlik yuksalishiga xizmat qiladi.
IMHni samarali va yetarli himoya qilish tartibini belgilab beruvchi koʻp tomonlama qoidalar Jahon Savdo Tashkilotining Savdo bilan bogʻliq Intellektual mulk huquqining savdo aspektlari bo‘yicha bitimi (TRIPS)da belgilangan. Bitim intellektual mulk savdosiga asoslangan rivojlanishni ragʻbatlantirish va nizolarni hal qilish qoidalarini oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston a’zolikka kirish jarayonida IMH rejimini JST qoidalariga moslashtirishi ko‘zda tutilgan. Mamlakatda amaldagi huquqiy rejim tovar belgilari, patentlar, foydali modellar, sanoat namunalari, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, shuningdek, oʻsimlik navlari boʻyicha mulkiy huquqlarni himoya qilish va qoʻllashni tartibga soladi. O‘zbekiston, shuningdek, Parij konvensiyasi, Bern konvensiyasi, Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti Mualliflik huquqi shartnomasi, Shuningdek, Ijro va fonogrammalar toʻgʻrisidagi shartnomasi kabi oʻn oltita xalqaro shartnomaning ishtirokchisi hisoblanadi.
Shunga qaramay, mamlakat huquqiy rejimini TRIPS shartnomasiga rasman moslashtirish JSTga aʼzo boʻlishning asosiy zaruratidir. Shu munosabat bilan, Oʻzbekistonning IM boʻyicha mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yil may oyida Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradigan “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi doirasida TRIPS kelishuvi va Oʻzbekistonning IM Milliy rejimi boʻyicha uch kunlik virtual seminar tashkil etildi. Tadbirda O‘zR Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi kabi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda TRIPSning asosiy tamoyillari va ularning Oʻzbekiston majburiyatlari bilan bogʻliqligi yuzasidan ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi. Xususan, muhokamalarda quyidagi mavzularga eʼtibor qaratildi:
Tadbir mobaynida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, tovar belgilari, geografik koʻrsatkichlar, sanoat namunalari, patentlar, maket-dizaynlar, maxfiy maʼlumotlar, savdo sirlari hamda raqobatga qarshi amaliyotlarga doir IM huquqlarining asosiy shakllarini himoya qilish va qoʻllash bilan bogʻliq qoidalar koʻrib chiqildi.
Seminarning bir qismi Oʻzbekistonda intellektual mulk toʻgʻrisidagi Milliy qonunchilikning hozirgi holati va ushbu sohadagi islohotlarni muhokama qilishga bagʻishlandi. Ishtirokchilar Oʻzbekistonning IM rejimga xos alohida jihatlar hamda JSTga aʼzo boʻlish fonida dolzarb qonunchilik islohotlari yuzasidan fikr almashdi. Oʻzbekiston Intellektual mulk agentligi direktori oʻrinbosari Esemurat Kanyazov tadbir yakunida agentlik xodimlari Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni toʻgʻrisida chuqur maʼlumot egallaganini yuqori baholadi.
Seminar Oʻzbekiston hukumati vakillarining TRIPS shartnomasi boʻyicha imkoniyatlarni oshirish yuzasidan saʼy-harakatlarining davomi bo‘lib xizmat qildi. 2020-yil dekabr oyida Xalqaro Savdo Markazi tomonidan “Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayoniga koʻmaklashish” loyihasi doirasida JST va Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti vakillari ishtirokida Oʻzbekiston mutaxassislari uchun TRIPS bilan bogʻliq Milliy islohotning ustuvor yoʻnalishlariga doir trening tashkil etilgan edi.
Oʻzbekiston Intellektual mulk toʻgʻrisidagi Milliy qonunchiligining TRIPS kelishuvi meʼyorlariga muvofiqligi nafaqat JSTga aʼzo boʻlish, balki mamlakat fuqarolarining asl gʻoyalari, tovar belgilarini himoya qilish, kontrafakt mahsulotlar va qaroqchilikka qarshi kurashda muhim rol oʻynaydi. Rejalarga ko‘ra, Loyiha O‘zbekistonning JST a’zoligiga kirish jarayonidagi Milliy tartibga solish islohotlarini qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.